Tez tez beriladigan savollar

Katta yoshdagi fuqarolarga kollej va texnikumlarda o`qishlari uchun imkoniyat berilganmi?

Katta yoshdagi fuqarolar kamida umumiy o`rta ma`lumot bilan kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yilgacha (texnikumlarda 2 yildan kam bo`lmagan) muddatda to`lov-kontrakt asosida ta`lim olish imkoniyatiga ega.

Texnikumlarda qanday imtiyoz beriladi?

Texnikumni a`lo baholarga bitirgan o`quvchilari egallagan mutaxassisligi bo`yicha tegishli oliy ta`lim muassasasining bakalavriat ta`lim yo`nalishiga suhbat asosida 2-bosqichdan qabul qilinadi.

Texnikumda talabalarga stipendiya beriladimi?

Texnikum va kollejlarda stipendiya berilmaydi.

Texnikum va kollejlarda sirtqi va kechki o`qish shakli ham bormi?

2020/2021 o`quv yilida faqat kunduzgi ta`lim shaklida o`qish amalga oshiriladi.

Texnikumga hujjat topshirib, Oliy ta`lim muassasasiga ikkinchi mutaxassislik bo`yicha ham hujjat topshirish mumkinmi?

Belgilangan tartibda hujjat topshirishingiz mumkin. Faqatgina o`qishni ta`lim muassasasining birida davom ettirish bo`yicha qaror qabul qilasiz.

Texnikum va kollejlarda o`qish muddatlari haqida ma`lumot bersangiz.

Kollejlarda kasblarning murakkabligidan kelib chiqib, o`qish muddati 6 oydan 2 yilgacha, texnikumlarda esa o`qish muddati kamida 2 yil bo`lib, davlat granti va to`lov-shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Men Oily ta`lim muassasasiga hujjat topshirdim, texnikumga ham hujjat topshirib qo`ysam bo`ladimi? Oliy ta`limga o`qishga kirsam muammo bo`lmaydimi?  

Yo`q, hech qanday muammo bo`lmaydi. O`qishga kirmasligingiz bo`yicha direktor nomiga ariza bilan murojaat qilishingiz mumkin.

Texnikumlarga 9-sinf bitiruvchilari ham hujjat topshirishi mumkinmi?

Mumkin emas. Joriy yildagi 9-sinf bitiruvchilari faqat Kasb-hunar maktablariga hujjat topshirishi mumkin.

Kollej va texnikumlarda to`lov-kontrakt summasi qancha?

To`lov-kontrakt summasi bir o`quvchi uchun 1 yilda sarflanadigan mablag`lar kelib chiqib belgilanadi. Bu borada qo`shimcha ma`lumot beriladi.

Texnikumlarda imtihon bo`ladimi?

Texnikumlarga belgilangan qabul parametrlaridan ko`p hujjat tushgan taqdirda, Davlat Komissiyasi tomonidan (imtihon, test) qabul qilish belgilanadi.

Men kollejda o`qib 3-kursda o`quvchilar safidan chiqarilganman. O`qishimni qayta tiklab texnikumga ko`chirsam bo`ladimi? 

O`qishingizni texnikumga ko`chirish mumkin emas. 11-sinf ma`lumotni belgilangan tartibda olganingizdan so`ng, texnikumga belgilangan tartibda hujjat topshirishingiz mumkin.